Davlat imtixonlari

Toshkent tibbiyot akademiyasi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlumot

I. Umumiy qoidalar

  1. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Qonunlariga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasi (kelgusida: akademiya) bitiruvchilarining Yakuniy Davlat attestatsiyasi (kelgusida: Davlat attestatsiyasi) mazkur Nizomga asosan oʻtkaziladi.
  2. Bitiruvchilarning Davlat attestatsiyasi, Davlat namunasiga (Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 2 iyundagi 282-sonli “1999-2000 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi Qarori) muvofiq diplom berish bilan yakunlanadi.
  3. Davlat attestatsiyasi har bir taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha tashkil etiladigan davlat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi va u “Davlat attestatsiyasi komissiyasi” deb ataladi.
  4. Davlat attestatsiyasi komissiyalari oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi Nizomga, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi meʼyoriy hujjatlariga, mazkur Nizomga hamda tegishli taʼlim yoʻnalishlari Davlat taʼlim standartdarida belgilangan minimum malaka talablariga tayangan holda olib boradi.
  5. Davlat attestatsiyasi komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • bitiruvchining tayyorgarlik darajasini va holatini davlat taʼlim standarti talablariga muvofiq kelishini komleks baholash;
  • yakuniy Davlat komissiyasi natijalari boʻyicha malaka berish va bitiruvchilarga oliy taʼlim toʻgʻrisidagi tegishli diplom berish masalasini hal etish;
  • Davlat attestatsiyasi natijalariga koʻra tegishli taʼlim yoʻnalishlarida oʻquv jrayonini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash.

II. Yakuniy Davlat attestatsiyasi

  1. Bitiruvchining Davlat attestatsiyasi quyidagi koʻrinishdagi bir yoki bir nechta attestatsiya sinovlaridan iboratdir:
  • ijtimoiy fanlar boʻyicha yakuniy attestatsiya sinovi;
  • taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha fanlararo (integral) yakuniy attestatsiya sinovi.
  1. Ijtimoiy fanlar boʻyicha yakuniy attestatsiya sinovi oʻquv dasturida nazarda tutilgan materiallarni talaba tomonidan oʻzlashtirilganlik darajasini aniqlab berishi va mazkur fanning muvofiq davlat taʼlim standartida belgilangan minimal mazmunini qamrab olgan boʻlishi kerak.
  2. Taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha fanlararo davlat attestatsiyasi sinovi ayrim fanlar mazmuniga qoʻyiladigan talablar bilan bir qatorda, mazkur yoʻnalish (mutaxassislik) boʻyicha Davlat taʼlim standarti bitiruvchisiga nisbatan nazarda tutilgan umumiy talablarni ham hisobga olishi kerak. Davlat attestatsiyasiga kiritilgan attestatsiya sinovlari oʻzlashtirishning joriy, oraliq yoki yakuniy baxolari asosida tayyorgarlik darajasini baholash bilan almashtirilishi mumkin emas.
  3. Oʻquv yili uchun attestatsiya sinovlarining dasturlari Davlat attestatsiya komissiyalarining raislari ishtirokida muhokama qilinadi va akademi Ilmiy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Davlat attestatsiya sinovlarini oʻtkazish muddati va tartibini akademiya Ilmiy Kengashi belgilaydi.

III. Davlat attestatsiyasi komissiyalarining tuzilishi.

  1. Davlat attestatsiya komissiyalari mustaqil boʻlgan attestatsiya komissiyalaridan tashkil topadi:
  • ijtimoiy fanlar boʻyicha yakuniy attestatsiya sinovlarini qabul qilish;
  • taʼlim yoʻnalishlari (mutaxasisilik) boʻyicha fanlararo yakuniy attestatsiya sinovlarini qabul qilish.
  1. Davlat attestatsiya komissiyasini rais boshqaradi. Attestatsiya komissiyalarining raislari har yili maʼlum bir muayyan tur boʻyicha alohida, ushbu oʻquv yurtida ishlamayotgan, ishlab chiqarishning yetakchi mutaxassislari va olimlar tarkibidan oliy oʻquv yurti rektorining taklifi boʻyicha Oʻzbekiston respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Ijtimoiy fanlar boʻyicha attestatsiya komissiyalarini raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tayinlanadi.
  2. Davlat attestatsiya komissiyalari mutaxassis chiqaruvchi tibbiyot oliy oʻquv yurtining rahbariyati hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tarkibidan (attestatsiya komissiyasi umumiy tarkibining 50% gacha) va boshqa muassasalardan taklif etiladigan shaxslar: mazkur soha kadrlarini isteʼmolchilari boʻlmish korxona, tashkilot va muassasalarning tajribali mutaxassislari, turdosh oliy oʻquv yurtlarining yetakchi professor-oʻqituvchi hamda ilmiy xodimlari, muvofiq sohalar va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimidagi olimlardan shakllantiriladi.

Sinov turlari boʻyicha Davlat attestatsiyasi komissiyasining shaxsiy tarkibi oliy oʻquv yurtlari rektori tomonidan bitiruv semestri tugashidan bir oy oldin tasdiqlanadi.

IV. Yakuniy Davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi.

  1. Davlat attestatsiyasi sinovlarini oʻtkazish shakli va tartibi akademiya Ilmiy Kengashi tomonidan belgilanadi va yakuniy Davlat attestatsiyasi boshlanishidan olti oy avval talabalar eʼtiboriga yetkaziladi. Talabalar dasturlar bilan taʼminlanadilar hamda ularga tegishli tayyorgarlik koʻrish uchun sharoit yaratiladi, attestatsiyadan bir oy ilgari konsultatsiyalar tashkil etiladi.
  2. Davlat attestatsiya sinovlariga taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv reja va fan dasturlarini toʻliq tugatgan hamda oʻquv rejasida nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan shaxslar qoʻyiladi.
  3. Davlat attestatsiyasi sinovlari davlat attestatsiya komissiyalarining ochiq majlislarida, aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan holda oʻtkaziladi.
  4. Mutaxassislik boʻyicha Davlat attestatsiyasi 2 bosqichda oʻtkaziladi:
  • 1-bosqich – talabalarning nazariy bilimlarini integrallashgan test usulida nazorat qilish;
  • 2-bosqich – talabalarning amaliy tayyorgarligi va koʻnikmalarini obyektiv tizimlashtirilgan klinik imtixon (OSKI) usulida nazorat qilish.

Tibbiy pedagogika fakulteti bitiruvchilari yana bir ixtisoslik fani, yaʼni “Dars berish uslubi va pedagogik texnologiyalar” fanidan test sinovlari topshirishadi.

Har bir bosqichda 55% dan kam ball toʻplagan talaba keyingi bosqich sinovlariga kiritilmaydi va Davlat attestatsiyasidan oʻtmagan deb eʼtirof etiladi.

Test sinovi tegishli taʼlim yoʻnalishlari Davlat taʼlim standarti va oʻquv rejasida koʻrsatilgan barcha ixtisoslik fanlardan integrallashgan attestatsiya shaklida oʻtkaziladi.

Talabalar bilimini baholashda quyidagi hisoblash shkalasi joriy etiladi:

  • 86-100 foiz toʻgʻri javobga “aʼlo”,
  • 71-85,9 foiz toʻgʻri javobga “yaxshi”,
  • 55-70,9 foiz toʻgʻri javobga “qoniqarli” baho.

Davlat attestatsiyasining 2-bosqichi oʻquv rejasida koʻrsatilgan barcha ixtisoslik fanlardan taʼlim yoʻnalishlari xususiyatini inobatga olgan holda situatsion masalalar, amaliy koʻnikmalar yoki bemorlar kuratsiyasi shakllarini namoyish etgan OSKI koʻrinishida oʻtkaziladi.

Bitiruvchilarning mutaxassislik fanlari boʻyicha yakuniy bahosi har bir bosqichdan olgan ballarining quyidagi nisbatlarida qabul qilinadi:

a) taʼlim yoʻnalishining oʻquv rejasidagi barcha fanlardan olgan ballarining oʻrtacha arifmetik qiymatidan 20% (0,2 koeffitsient);

b) 1-bosqich, test sinovi – 20% (0,2 koeffitsient);

v) 2-bosqich, OSKI – 60% (0,6 koeffitsient).

“Oʻzbekiston tarixi va milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani boʻyicha Davlat attestatsiyasi Nizom talablariga koʻra test, yozma, ogʻzaki imtixon yoki boshqa koʻrinishlarda oʻtkazilishi Ilmiy kengash qaroriga asosan belgilanadi.

Davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlari boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimiga muvofiq aniqlanadi hamda Davlat attestatsiyasi komissiyasining majlis bayoni belgilangan tartibda rasmiylashtirilganidan soʻng shu kunning oʻzida eʼlon qilinadi.

  1. Davlat attestatsiya komissiyasi bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari natijalari asosida ularga taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) boʻyicha bakalavr darajasi berish haqida qaror qabul qiladi va unga muvofiq daraja va oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom beriladi.
  2. Oʻquv dasturlarini oʻzlashtirishda katta yutuqlarga erishgan va oʻquv rejadagi fanlarning kamida ¾ qismi boʻyicha 86% dan yuqori oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ega boʻlgan, hamda yakuniy attestatsiya sinovlari boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari 86% (aʼlo) va undan yuqori boʻlgan bitiruvchiga akademiya Ilmiy kengashi qarori bilan “imtiyozli” diplom beriladi. “Imtiyozli” diplom berishning aniq shartlari akademiya Ilmiy Kengashi tomonidan belgilanadi.

Davlat attestatsiya komissiyalarining qarorlari yopiq majlislarda, ochiq ovoz berish yoʻli bilan, majlisda ishtirok etuvchilarning koʻpchilik ovozi bilan hal qiluvchi hisoblanadi.

  1. Davlat attestatsiyasi sinovlaridan (attestatsiya sinovlari turlarining biri boʻyicha) oʻta olmagan bitiruvchi oʻqish muddati tugagandan soʻng, uch yil ichida oʻz arizasiga muvofiq tegishli sinovlarni (yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarining har bir turi boʻyicha bir marta) qayta topshirish xuquqiga ega.

Muddatli harbiy xizmatda boʻlgan vaqt, uch yoshga toʻlgunga qadar farzandini parvarishlash uchun belgilangan taʼtil vaqti mazkur uch yillik muddatga kirmaydi.

Davlat attestatsiyasi sinovlaridan ikkinchi marta ham oʻta olmagan yoki uch yil ichida Davlat attestatsiyasi sinovlarini qayta topshirish uchun murojaat qilmagan bitiruvchiga sinovlarni qayta topshirish uchun ruxsat berish masalasi uning arizasiga muvofiq vazirlik tomonidan hal etiladi.

  1. Davlat attestatsiyasi sinovlaridan (attestatsiya sinovlari turlarining biri boʻyicha) oʻta olmagan bitiruvchiga akademik maʼlumotnoma beriladi va u oʻrnatilgan tartibda toʻlov-kontrakt asosida tegishli kursga oʻqish uchun qayta tiklanishi mumkin.
  2. Uzrli sabab bilan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kelmagan talabalar rektorning buyrugʻi bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining ishi yakunlanishiga qadar boshqa muddatlarda oʻtkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kiritilishi mumkin.
  3. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarida olgan bahosiga eʼtiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini koʻrib chiqish uchun rektor buyrugʻi bilan apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
  4. Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida qoʻyilgan bahodan norozi boʻlgan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi baholari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch kun muddat ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
  5. Apellyatsiya komissiyasi oʻz xulosasini bitiruvchiga bir kun muddat ichida maʼlum qilishi lozim.
  6. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining ishi boʻyicha yillik hisobot oliy taʼlim muassasasi Ilmiy kengashida koʻrib chiqiladi. Mazkur Ilmiy kengashga yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raislari taklif qilinadi.