Davlat imtixonlari

Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali bitiruvchilarining

Yakuniy Davlat Attestatsiyasini o‘tkazish to‘g‘risida ma’lumot

I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali (kelgusida: filial) bitiruvchilarining Yakuniy Davlat attestatsiyasi (kelgusida: Davlat attestatsiyasi) mazkur Nizomga asosan o‘tkaziladi.2.

2. Bitiruvchilarning Davlat attestatsiyasi, Davlat namunasiga (Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 2 iyundagi 282-sonli “1999-2000 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi Qarori) muvofiq diplom berish bilan yakunlanadi.

3. Davlat attestatsiyasi har bir ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha tashkil etiladigan davlat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi va u “Davlat attestatsiyasi komissiyasi” deb ataladi.

4. Davlat attestatsiyasi komissiyalari o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi Nizomga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi me’yoriy hujjatlariga, mazkur Nizomga hamda tegishli ta’lim yo‘nalishlari Davlat ta’lim standartdarida belgilangan minimum malaka talablariga tayangan holda olib boradi.

5. Davlat attestatsiyasi komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

-bitiruvchining tayyorgarlik darajasini va holatini davlat ta’lim standarti talablariga muvofiq kelishini komleks baholash;

-yakuniy Davlat komissiyasi natijalari bo‘yicha malaka berish va bitiruvchilarga oliy ta’lim to‘g‘risidagi tegishli diplom berish masalasini hal etish;

-Davlat attestatsiyasi natijalariga ko‘ra tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv jrayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

II. Yakuniy Davlat attestatsiyasi

6. Bitiruvchining Davlat attestatsiyasi quyidagi ko‘rinishdagi bir yoki bir nechta attestatsiya sinovlaridan iboratdir:

-ijtimoiy fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiya sinovi;

-ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fanlararo (integral) yakuniy attestatsiya sinovi.

7. Ijtimoiy fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiya sinovi o‘quv dasturida nazarda tutilgan materiallarni talaba tomonidan o‘zlashtirilganlik darajasini aniqlab berishi va mazkur fanning muvofiq davlat ta’lim standartida belgilangan minimal mazmunini qamrab olgan bo‘lishi kerak.

8. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fanlararo davlat attestatsiyasi sinovi ayrim fanlar mazmuniga qo‘yiladigan talablar bilan bir qatorda, mazkur yo‘nalish (mutaxassislik) bo‘yicha Davlat ta’lim standarti bitiruvchisiga nisbatan nazarda tutilgan umumiy talablarni ham hisobga olishi kerak. Davlat attestatsiyasiga kiritilgan attestatsiya sinovlari o‘zlashtirishning joriy, oraliq yoki yakuniy baxolari asosida tayyorgarlik darajasini baholash bilan almashtirilishi mumkin emas.

9. O‘quv yili uchun attestatsiya sinovlarining dasturlari Davlat attestatsiya komissiyalarining raislari ishtirokida muhokama qilinadi va akademi Ilmiy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Davlat attestatsiya sinovlarini o‘tkazish muddati va tartibini akademiya Ilmiy Kengashi belgilaydi.

III. Davlat attestatsiyasi komissiyalarining tuzilishi.

10. Davlat attestatsiya komissiyalari mustaqil bo‘lgan attestatsiya komissiyalaridan tashkil topadi:

-ijtimoiy fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiya sinovlarini qabul qilish;

-ta’lim yo‘nalishlari (mutaxasisilik) bo‘yicha fanlararo yakuniy attestatsiya sinovlarini qabul qilish.

11. Davlat attestatsiya komissiyasini rais boshqaradi. Attestatsiya komissiyalarining raislari har yili ma’lum bir muayyan tur bo‘yicha alohida, ushbu o‘quv yurtida ishlamayotgan, ishlab chiqarishning yetakchi mutaxassislari va olimlar tarkibidan oliy o‘quv yurti rektorining taklifi bo‘yicha O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Ijtimoiy fanlar bo‘yicha attestatsiya komissiyalarini raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tayinlanadi.

12. Davlat attestatsiya komissiyalari mutaxassis chiqaruvchi tibbiyot oliy o‘quv yurtining rahbariyati hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tarkibidan (attestatsiya komissiyasi umumiy tarkibining 50% gacha) va boshqa muassasalardan taklif etiladigan shaxslar: mazkur soha kadrlarini iste’molchilari bo‘lmish korxona, tashkilot va muassasalarning tajribali mutaxassislari, turdosh oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchi hamda ilmiy xodimlari, muvofiq sohalar va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimidagi olimlardan shakllantiriladi.

Sinov turlari bo‘yicha Davlat attestatsiyasi komissiyasining shaxsiy tarkibi oliy o‘quv yurtlari rektori tomonidan bitiruv semestri tugashidan bir oy oldin tasdiqlanadi.

IV. Yakuniy Davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi.

13. Davlat attestatsiyasi sinovlarini o‘tkazish shakli va tartibi filial Ilmiy Kengashi tomonidan belgilanadi va yakuniy Davlat attestatsiyasi boshlanishidan olti oy avval talabalar e’tiboriga yetkaziladi. Talabalar dasturlar bilan ta’minlanadilar hamda ularga tegishli tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit yaratiladi, attestatsiyadan bir oy ilgari konsulьtatsiyalar tashkil etiladi.

14.Davlat attestatsiya sinovlariga ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv reja va fan dasturlarini to‘liq tugatgan hamda o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslar qo‘yiladi.

15. Davlat attestatsiyasi sinovlari davlat attestatsiya komissiyalarining ochiq majlislarida, a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan holda o‘tkaziladi.

16. Mutaxassislik bo‘yicha Davlat attestatsiyasi 2 bosqichda o‘tkaziladi:

-1-bosqich – talabalarning nazariy bilimlarini integrallashgan test usulida nazorat qilish;

-2-bosqich – talabalarning amaliy tayyorgarligi va ko‘nikmalarini ob’ektiv tizimlashtirilgan klinik imtixon (OSKI) usulida nazorat qilish.

Tibbiy pedagogika fakulteti bitiruvchilari yana bir ixtisoslik fani, ya’ni “Dars berish uslubi va pedagogik texnologiyalar” fanidan test sinovlari topshirishadi.

Har bir bosqichda 55% dan kam ball to‘plagan talaba keyingi bosqich sinovlariga kiritilmaydi va Davlat attestatsiyasidan o‘tmagan deb e’tirof etiladi.

Test sinovi tegishli ta’lim yo‘nalishlari Davlat ta’lim standarti va o‘quv rejasida ko‘rsatilgan barcha ixtisoslik fanlardan integrallashgan attestatsiya shaklida o‘tkaziladi.

Talabalar bilimini baholashda quyidagi hisoblash shkalasi joriy etiladi:

-86-100 foiz to‘g‘ri javobga “a’lo”,

-71-85,9 foiz to‘g‘ri javobga “yaxshi”,

-55-70,9 foiz to‘g‘ri javobga “qoniqarli” baho.

Davlat attestatsiyasining 2-bosqichi o‘quv rejasida ko‘rsatilgan barcha ixtisoslik fanlardan ta’lim yo‘nalishlari xususiyatini inobatga olgan holda situatsion masalalar, amaliy ko‘nikmalar yoki bemorlar kuratsiyasi shakllarini namoyish etgan OSKI ko‘rinishida o‘tkaziladi.

Bitiruvchilarning mutaxassislik fanlari bo‘yicha yakuniy bahosi har bir bosqichdan olgan ballarining quyidagi nisbatlarida qabul qilinadi:

1.a) ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasidagi barcha fanlardan olgan ballarining o‘rtacha arifmetik qiymatidan 20% (0,2 koeffitsient);

2.b) 1-bosqich, test sinovi – 20% (0,2 koeffitsient);

3.v) 2-bosqich, OSKI – 60% (0,6 koeffitsient).

“O‘zbekiston tarixi va milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani bo‘yicha Davlat attestatsiyasi Nizom talablariga ko‘ra test, yozma, og‘zaki imtixon yoki boshqa ko‘rinishlarda o‘tkazilishi Ilmiy kengash qaroriga asosan belgilanadi.

Davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlari bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimiga muvofiq aniqlanadi hamda Davlat attestatsiyasi komissiyasining majlis bayoni belgilangan tartibda rasmiylashtirilganidan so‘ng shu kunning o‘zida e’lon qilinadi.

17. Davlat attestatsiya komissiyasi bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari natijalari asosida ularga ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha bakalavr darajasi berish haqida qaror qabul qiladi va unga muvofiq daraja va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom beriladi.

18. O‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda katta yutuqlarga erishgan va o‘quv rejadagi fanlarning kamida ¾ qismi bo‘yicha 86% dan yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan, hamda yakuniy attestatsiya sinovlari bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 86% (a’lo) va undan yuqori bo‘lgan bitiruvchiga akademiya Ilmiy kengashi qarori bilan “imtiyozli” diplom beriladi. “Imtiyozli” diplom berishning aniq shartlari akademiya Ilmiy Kengashi tomonidan belgilanadi.

Davlat attestatsiya komissiyalarining qarorlari yopiq majlislarda, ochiq ovoz berish yo‘li bilan, majlisda ishtirok etuvchilarning ko‘pchilik ovozi bilan hal qiluvchi hisoblanadi.

19. Davlat attestatsiyasi sinovlaridan (attestatsiya sinovlari turlarining biri bo‘yicha) o‘ta olmagan bitiruvchi o‘qish muddati tugagandan so‘ng, uch yil ichida o‘z arizasiga muvofiq tegishli sinovlarni (yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarining har bir turi bo‘yicha bir marta) qayta topshirish xuquqiga ega.

Muddatli harbiy xizmatda bo‘lgan vaqt, uch yoshga to‘lgunga qadar farzandini parvarishlash uchun belgilangan ta’til vaqti mazkur uch yillik muddatga kirmaydi.

Davlat attestatsiyasi sinovlaridan ikkinchi marta ham o‘ta olmagan yoki uch yil ichida Davlat attestatsiyasi sinovlarini qayta topshirish uchun murojaat qilmagan bitiruvchiga sinovlarni qayta topshirish uchun ruxsat berish masalasi uning arizasiga muvofiq vazirlik tomonidan hal etiladi.

20. Davlat attestatsiyasi sinovlaridan (attestatsiya sinovlari turlarining biri bo‘yicha) o‘ta olmagan bitiruvchiga akademik ma’lumotnoma beriladi va u o‘rnatilgan tartibda to‘lov-kontrakt asosida tegishli kursga o‘qish uchun qayta tiklanishi mumkin.

21. Uzrli sabab bilan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kelmagan talabalar rektorning buyrug‘i bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining ishi yakunlanishiga qadar boshqa muddatlarda o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kiritilishi mumkin.

22. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarida olgan bahosiga e’tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun rektor buyrug‘i bilan apellyatsiya komissiyasi tuziladi.

23. Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi baholari e’lon qilingan kundan e’tiboran uch kun muddat ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.

24. Apellyatsiya komissiyasi o‘z xulosasini bitiruvchiga bir kun muddat ichida ma’lum qilishi lozim.

25. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining ishi bo‘yicha yillik hisobot oliy ta’lim muassasasi Ilmiy kengashida ko‘rib chiqiladi. Mazkur Ilmiy kengashga yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raislari taklif qilinadi.