Klinik ordinatura

Klinik ordinatura

Klinik ordinatura – kadrlarni qayta tayyorlash tizimiga kiradigan ta’lim turi bo`lib vrachlarning uzluksiz kasbiy ta’limi ko`p pog`onali tuzilmasining bir qismi hisoblanadi. Vrachlarni klinik ordinaturada o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vrachlik mutaxassisliklari nomenklaturasi bo‘yicha, mutaxassisga qo‘yiladigan ixtisoslik talablari asosida tuzilgan har qaysi mutaxassislik bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Vrachlarni klinik ordinaturada o‘qitishni amalga oshiradigan tibbiyot muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan quyidagilardan kelib chiqqan holda belgilanadi:
ilmiy maktablarni shakllantiradigan tegishli yuqori malakali ilmiy-amaliy kadrlar potensialining mavjudligi;
yuqori texnologiyali va malakali tibbiy yordamni amalga oshirish imkonini beradigan moddiy-texnik bazaning holati;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan klinik ordinatorlarni o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturining mavjudligi.
Klinik ordinatura bitiruvchilariga o‘qish jarayonida olingan mutaxassislik bo‘yicha amaliy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
O‘quv yuklamasining umumiy hajmi quyidagi tarzda taqsimlanadi:
tayyorlash vaqtining 80 foizgachasi – asosiy va yondosh mutaxassisliklarni o‘rganishga ajratiladi;
20 foizgachasi – yondosh fanlarni (patanatomiya, patofiziologiya, klinik farmakologiya va boshqalarni) o‘rganishga ajratiladi. Klinik ordinator tomonidan o‘rganish uchun majburiy bo‘lgan yondosh mutaxassisliklar va fanlar ro‘yxati ularni tayyorlashning o‘quv dasturlarida nazarda tutiladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida Ovqatlanish gigiyenasi, Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi, Mehnat gigiyenasi, Kommunal gigiyena va Laboratoriya ishi mutaxasissliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.